Ofort (fransuzcha: eau-forte — azot kislotasi) — metallga ishlanadigan gravyura turi. Tasvir metall plastina (taxta)ga kislota taʼsir ettirish yoʻli bilan hosil qilinadi. Kislotaga chidamli lok bilan krplangan rux yoki mis plastina yuzasi maxsus igna, mix bilan metall yuzagacha tirnab (oddiy kislotali moʻyqalam bilan chizib), tasvir chiziqlari hosil qilinadi. Soʻng plastinadagi oʻyiqlar (bosma elementlari) kislota taʼsirida yana chuqurlashtiriladi. Bu jarayonni bir necha marotaba takrorlab, kerakli darajadagi tuslar jilvasini hosil qilish mumkin. Boʻyoq surtilgan plastinadan bosim taʼsirida qogʻozga nusxa koʻchiriladi. Bu usul rangli bosmada ham ishlatiladi. Tasvir chiziqlarini kuchaytirish imkoniyati, oʻziga xos badiiyligi, shtrixining erkinligi, nursoyaning nafisligi, bosish jarayonida yuzaga keladigan takrorlanmas sifati (bir plastinadan turli xil nusxalar olish imkoniyati) bilan ofort barcha boshqa gravyuralardan farq qiladi. Dastlabki ofort namunasi 16-asrda Germaniyada (D.Xopfer va Albrecht Dyurer tomonidan) yaratilgan. Fransuz J.Kallo, golland Rembrandt, italyan G.Reni, J.Kastilone, ispan Francisco Goya, rus I.Shishkin, V.Mate, Valentin Serovlar ofortda samarali ijod qildilar. Oʻzbekistonda O.V. Kedrin, Anatoliy Osheyko va boshqa ijodi bilan boyidi.[1]
Manbalar
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil