Share to: share facebook share twitter share wa share telegram print page

Zarafshon vodiysi

Zarafshon vodiysiMarkaziy Osiyoning markaziy qismida, Turkiston–Oqtov bilan Zarafshon tizmalari orasida joylashgan koʻndalang vodiy. Zarafshon vodiysining sharqiy togʻli qismi Tojikiston, gʻarbiy togʻ etagi va tekislik qismi Oʻzbekiston hududida. Tektonik yoʻl bilan vujudga kelgan. Hozirgi relyefining shakllanishida Zarafshon daryosining doimiy va vaqtli irmoqlari hamda shamol muhim rol oʻynagan. Zarafshon vodiysi Zarafshon muzligidan (balandligi 2775 metr) boshlanib, gʻarbda Sandiqli choʻligacha (balandligi 185 metr) 781 kilomtrga choʻzilgan. Vodiy shu masofada gʻarbiy, janubi-gʻarbiy yoʻnalishda davom etadi va asta-sekin pasayib hamda kengayib boradi. Zarafshon vodiysi, asosan, ustini toʻrtlamchi davr allyuvial jinslari qoplagan uchlamchi davr choʻkindi jinslaridan tarkib topgan. Bu yerda neogen davrigacha dengiz boʻlgan. Alp orogenezida vodiy quruqlikka aylangan. Zarafshon daryosi oʻz oʻzanini chuqurlashtirib, terrasalar (koʻhna qayirlar) hosil qilgan. Zarafshon vodiysining sharqiy togʻli qismida 6 ta terrasa bor. Panjakent shahrigacha (300 kilometr masofada) vodiy tor va chuqur, Turkiston va Zarafshon tizmalari undan tik koʻtarilib turadi. Zarafshon daryosi yuqori qismida muz harakati bilan vujudga kelgan ancha keng (4–5 kilometr) vodiy hosil qilgan. Kishtutsoyning Zarafshonga quyiladigan yerida vodiy juda tor, togʻ yon bagʻri daryo qirgʻogʻidan tik koʻtarilgan. Quyi qismida vodiy kengayib, Oʻzbekiston hududiga oʻtgach, kengligi ayrim joylarda 60–70 kilometrga (Buxoro vohasida) yetadi. Oʻzbekiston xududida Zarafshon vodiysining uzunligi qariyb 480 kilometr boʻlib, bu qismida Samarqand, Buxoro, Qorakoʻl vohalari joylashgan.

Samarqand vohasi Samarqand botigʻida joylashgan, shimoldan GʻubdintogʻOqtogʻQoratogʻ, janubdan QoratepaZirabuloqZiyovuddin kabi uncha baland boʻlmagan togʻlar bilan oʻralgan. Zarafshon vodiysi bu vohada ancha (50 kilometrgacha) keng. Navoiy shahridan oʻtgach, vodiy yana torayadi. Qiziltepa va Oftobachi qirlari birbiriga juda yaqinlashib, Hazar yoʻlagini (kengligi 8–10 kilometr) hosil qiladi. Vohaning yer yuzasi tekis; uni Zarafshon daryosi va vaqtincha oqar soylar kesib parchalagan, baʼzi yerlarida jarlar hosil qilgan. Hazar yoʻlagidan oʻtgach, vodiy yana kengayadi va janubi-gʻarbga burilib, Buxoro vohasini hosil qiladi. Bu qismida Zarafshon vodiysining kengligi 70 kilometrga yetadi hamda tekislikka aylanadi. Voha shimoldan Qizilqum bilan, sharqdan Qoʻshtepa, Azkamar, Quyimozor, Qaynagʻach, Qumsulton kabi tepaliklar, janub va janubi-gʻarbdan esa Qorakoʻl platosi bilan oʻralgan. Buxoro vohasi janubi-gʻarbga, gʻarb va shimoli-gʻarbga bir oz nishab. Uning mutlaq balandligi 200–280 metr. Vohani kanallar, ariqlar kesib oʻtgan. Zarafshon vodiysi Buxoro vohasida janubi-gʻarbga torayib boradi hamda Qorakoʻl platosi yonida ancha torayib Qorakoʻl yoʻlagini hosil qiladi. Soʻngra vodiy yana kengayib Qorakoʻl vohasi boshlanadi. Qorakoʻl vohasini janubi-gʻarbdan Sandiqli qumi, shimoli-sharqdan Qorakoʻl platosi va janubdan Eshakchi qumligi oʻrab turadi. Bu yerda vodiyning kengligi 48–50 kilometr, mutlaq balandligi 185–200 metr. Kichik shoʻr koʻl, pastliklar bor. Zarafshon vodiysi Markaziy Osiyoning markaziy qismida joylashganligidan iqlimi kontinental. Vodiy gʻarbdan sharqqa ancha choʻzilganligi va relyefning balandlashib borishi tufayli temperatura rejimi va yogʻinlar miqdori har joyda turlicha. Yillik oʻrtacha temperatura tekislik qismida 12°—15°, togʻli kismida 12°—0,7°. Yoz vodiyning tekislik qismida issiq boʻlib, uzoq davom etadi, iyulning oʻrtacha temperaturasi 25°—29°, togʻli qismida esa 20°—7,7°. Baʼzan temperatura tekislik kismida 44° ga, togʻli qismida 33° ga chiqadi. Qish vodiyning tekislik kismida ancha iliq boʻlib, yanvarning oʻrtacha temperaturasi 0° dan -1,3° gacha, togʻli kismida -3° dan -10° gacha boʻladi. Eng past temperatura -35°. Yillik yogʻin 114–400 millimetr (gʻarbdan sharqqa ortib boradi), faqat Zarafshon tizmasining gʻarbiy qismi — Omonqoʻtonda 881 millimetr. Yogʻinning koʻp qismi tekislik kismida yilning sovuq faslida, togʻli kismida esa issiq faslda ham tushadi. Vodiyning asosiy daryosi — Zarafshon. Koʻllaridan eng yirigi — Dengizkoʻl. Zarafshon vodiysi botiqda joylashganligi sababli yer osti suvlari mavjud. Vodiyda tuproq va oʻsimlik qoplami balandlik mintaqalari hosil qilgan. Vodiyning eng pastki 400–500 metr balandlikkacha boʻlgan yerlari choʻl mintaqasiga kiradi. Bu mintakaning tuprogʻi och boʻz tuproq, unda, asosan, arpagʻon, taroqbosh, lolaqizgʻaldoq, qoramashoq, kovrak, chitir, toshloq yerlarda esa shuvoq, burgan va boshqalar oʻsadi. Choʻl mintaqasidan soʻng adirlar boshlanib, balandligi 500 metrdan 1200 metrgacha boʻlgan yerlarni oʻz ichiga oladi. Bu yerlarda tipik va toʻq tusli boʻz tuproq tarqalgan. Qoʻngʻirbosh, rang, noʻxatak, yoʻngʻichka, yaltirbosh, oqquray, gulxayri, sasir, qasmaldoq, chalov, yetmak kabi oʻtlar; zirk, naʼmatak kabi butalar oʻsadi. Vodiyning 1200 metrdan 2700 metrgacha boʻlgan qismi togʻ mintaqasidan iborat boʻlib, bu yerlarda jigarrang va qoʻngʻir togʻ-oʻrmon tuproqlari uchraydi. Oʻtlardan taktak, taroqbosh, chayir, butalardan uchkat, bodomcha, daraxtlardan archa oʻsadi. Vodiyning 2700 metrdan baland qismi yaylov mintaqasidan iborat, tuprogʻi jigarrang.

Hayvonlardan boʻri, tulki, quyon, chiyaboʻri va boshqalar, parrandalardan qirgʻovul, loyxoʻrak, oʻrdak, chugʻurchiq, chumchuq, soʻfitoʻrgʻay va boshqalar, bulardan tashqari, har xil ilon, kaltakesak, tipratikan, kalamush, koʻrsichqon va boshqalar uchraydi.

Zarafshon vodiysi Oʻzbekiston va Tojikiston xoʻjaligida muhim oʻrin tutadi. Vodiyda sugʻoriladigan va sugʻorishga yaroqli yer koʻp. Chorvachilikni rivojlantirish uchun tabiiy oʻtloq va pichanzorlar bor.

Zarafshon vodiysi oʻzining koʻrkam bogʻ va mevazorlari bilan qadimdan mashhur. Vodiyda gaz, koʻmir, oltin, turli xil qurilish materiallari konlari, mineral suvlar va boshqalar bor.[1]

Manbalar

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil




Kembali kehalaman sebelumnya