Share to: share facebook share twitter share wa share telegram print page

Makkajoʻxori

Zea mays "Ottofile giallo Tortonese”

Makkajoʻxori (Zea mays L.) - boshoqdoshlar oilasiga mansub bir yillik oʻtsimon oʻsimliklar turi, don va yem-xashak ekini. Makkajo'xori Yer sharidagi yovvoyi holda oʻsmaydigan eng qadimiy ekinlardan biri. VataniMarkaziy va Jan. Amerika. Dastlab Meksika hududida qadimiy mayya va atstek qabilalari tomonidan mil.dan 5200-yil avval dehqonchilikda ekilgan. Yevropaga 15-asr oxirida keltirilgan. Makkajo'xori ekiladigan hududlar shimoliy kenglikning 40° gacha boradi. Jahon dehqonchiligida Makkajo'xori ekilgan maydon 139,2 mln.ga, hosildorlik (don boʻyicha) 43,13 s/ga, yalpi hosil 600,4 mln. t AKD] (28,5 mln.ga, hosildorlik 84 s/ga), Braziliya (11,6 mln.ga, hosildorlik 27,6 s/ga), Meksika (7,2 mln.ga; hosildorlik 25,3 s/ga), Xitoy (25,8 mln.ga; hosildorlik 48,8 s/ga), shuningdek, Janubiy va Janubiy-Sharqiy Yevropa, Janubiy-Sharqiy Osiyo, Janubiy va Sharqiy Afrika mamlakatlarida katta maydonlarga ekiladi (1999). Oʻzbekistonda ham bu ekin qadimdan ekiladi (42 ming ga; hosildorlk 31,6 s/ga; yalpi hosil 131,4 t; 2000). Poyasi tik, 5–6 m gacha, boʻgʻimli, ichi gʻovak. Ildizi pataksimon, yerga 1—1,5 m gacha kirib boradi. Poyaning eng ostki boʻgʻimidan yoʻgʻon tayanch ildizlar chiqaradi, ular oʻsimlikni yotib qolishidan saqlaydi va chopiq vaqtida yumshoq tuproq uyumi ularni nam hamda oziq moddalar bilan taʼminlaydi. Barglari keng nashtarsimon, ketma-ket joylashgan, usti tukli. Makkajo'xori bir uyli, toʻpguli ayrim jinsli oʻsimlik, Changchi toʻpguli poya uchida g'ovak, urugʻchi toʻpguli soʻtada popuksimon boʻladi. Mevasi don. 1000 ta doni vazni 100— 400 g . Soʻtasi donli zoʻgʻata, 500 dan 1000 gacha doni boʻladi va uni oʻrab turgan barg (gʻilof)lardan iborat, har tup oʻsimlik 1—2 — 3 ta, baʼzan undan koʻproq soʻta chiqaradi. Doni yirik, yumaloq, tuxumsimon yoki tishsimon, rangi va morfologik belgilariga koʻra, tishsimon, yarim tishsimon, mumsimon va qobiqli guruhlarga boʻlinadi. Donining tarkibida 9—10% oqsil, 4—6% moy, 65—70% uglevod, V, V2, V6, Ye vitaminlari, doni sargʻish navlarida provitamin A, nikotin va pantaten kislotalar, flavonoidlar va boshqa mavjud. M. juda mahsuldor va turli maqsadlarda ishlatiladigan ekin. Makkajo'xori doni oziq-ovqat (un, yorma, bodroq, shirin qalamchalar, makkajoʻxori moyi va boshqalar), kraxmal-patoka, pivo, spirt sanoatlarida ishlatiladi. Aralash yem ishlab chiqarish uchun xom ashyo, doni chorva mollari uchun toʻyimli ozuqa (1 kg donining toʻyimliligi 1,34 ozuqa birligiga teng), koʻk massasi (1 kg ida 13,6—14,6 g hazm boʻluvchi protein va 0,18—0,39 ozuqa birligi bor), silosi va doni bilan birga maydalab konservalangan soʻtasi qimmatli ozuqa. Makkajo'xori poyasi, zoʻgʻatasi, qobiq bargidan qogʻoz, linoleum, viskoza, izolyasiya materiallari, sunʼiy poʻkak, kinoplyonka va boshqa ishlab chiqariladi. Makkajo'xori popugi tibbiyotda ishlatiladi.

Navi va tuproq-iqlim sharoitiga qarab oʻsuv davri 90—150 kun. Makkajo'xori issiqsevar, yorugʻsevar, qurgʻoqchilikka ancha chidamli bahori ekin, tuproq harorati 10° boʻlganda 10—12 kunda unib chiqadi. Maysalari —2—3° sovuqqa chidaydi. Kuzda — 3° da sovuq uradi, ozuqalik sifatini pasaytiradi. 20—25°danormal oʻsib rivojlanadi. Harorat 35° dan yuqori boʻlganda gullari yaxshi changlanmasligi mumkin (yuqori harorat va havoning quruqligi urugʻchi toʻpgullar ipakchalarini quritib qoʻyadi). Makkajo'xorini asosiy ekin tarzida ekish uchun begona oʻtlardan toza, shoʻrlanmagan va sizot suvlari chuqur, oʻtmishdosh ekinlardan kuzgi don ekini, dukkakli don, burdoy ekilgan yer tanlanadi. Yer kuzda 28— 30 sm chuqurlikda shudgorlanadi, gektariga 10—35 t goʻng va 60–80 kg sof fosfor hisobidan oʻgʻit solinadi. Erta bahorda boronalanadi yoki yoppasiga kultivatsiya qilinadi. Urugʻlar qator oralari 60, 70 va 90 sm qilib Makkajo'xori se-yalkalarida kvadratuyalab yoki qatorlab 6—10 sm chuqurlikda ekiladi. Oʻsuv davrida 2-marta — birinchisida gektariga 70–80 kg azot, 60–80 kg fosfor, ikkinchisida 80–100 kg azot, 50–60 kg fosfor, 40–50 kg kaliy hisobidan oziqlantiriladi, 2—3-marta kultivatsiya qilinadi, 4—6-marta sugoriladi. Makkajo'xori koʻkat yem uchun roʻvak chiqarguncha, silos uchun doni dumbul boʻlib yetilganda va doni uchun toʻla yetilganda yigʻishtiriladi. Oʻzbekiston sharoitlarida ilgʻor xoʻjaliklarda don boʻyicha hosildorlik 50—60 s/ga, koʻk massa boʻyicha 300—600 s/ga ga boradi. M.ni angʻiz ekin sifatida (yezda bugʻdoydan boʻshagan maydonlarga) ham ekiladi. Oʻzbekistonda Vatan, Qorasuv 350 AMV, Oʻzbekiston tishsimon makkajo'xorisi, Oʻzbekiston 306 AMV, Oʻzbekiston 601 YESV, Moldaviya 425 MB, Figaro, Nort va boshqa navlar hamda duragaylari ekiladi (2002).

Adabiyotlar

  • Golodkovskiy V . L ., Sistematika kukuruzi, T., 1966; Rashidov T. R., Makkajoʻxorining kelib chiqishi va filogeniyasi, T., 1970; Azimov X.U., Agrotexnika kukuruzi na oroshayemix zemlyax Oʻzbekistana, T., 1973.

Ibrohimjon Halimov.[1]

Manbalar

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil




Kembali kehalaman sebelumnya