Karmana — Navoiy viloyatiKarmana tumanidagi shaharcha (1979-yildan shahar maqomida boʻlgan, 2003-yildan shaharcha maqomida[1]), tuman markazi. Viloyat markazidan 3 km va yaqin temir yoʻl stansiyasi (Navoiy) dan 8 km masofada. Mahalliy tilda baʼzan „Eski shahar“ deb yuritiladi.
1968-yil21-noyabrdan Buxoro viloyati tarkibidagi shahar posyolkasi. 1982-yilgachaBuxoro viloyati, 1983—1989-yillar yangi tashkil qilingan Navoiy viloyati, 1989—1992-yillar yana Buxoro viloyati (bu yillar oraligʻida Navoiy viloyati tugatilgan), 1992-yildan qayta tashkil qilingan Navoiy viloyati tarkibida, 1999-yilda tuman maqomida Navoiy shahri tarkibiga qoʻshib yuborilgan[2]. 2003-yil dekаbrda Navoiy shahri tarkibidan chiqarilib, Karmana tumani markazi etib belgilangan[1]. Aholisi — 20 816 kishi (2004).
Karmana shaharchasida Karmana tuman hokimiyati binosi, pilla qurti urugʻi zavodi („Gren zavod“), tuman korxona va tashkilotlari, avtovokzal, savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyat koʻrsatadi. 4 umumiy taʼlim, maktab-internat, sanʼat maktablari, 2 kasb-hunar kolleji, Karmana tuman markaziy kutubxonasi, madaniyat saroyi, „Yoshlik“ madaniyat va istirohat bogi, sport majmuasi, „Karmana ovozi“ gazetasi tahririyati, dehqon bozori, markaziy poliklinika mavjud. Navoiy viloyat tarixiy-oʻlkashunoslik muzeyi va Navoiy viloyatining markaziy „Motamsaro ona“ haykali aynan Karmana shaharchasida joylashgan.
Avval Karmana shaharchasi markazida Alisher Navoiyga haykal oʻrnatilgan, keyinchalik olib tashlangan (2000-yillar), oldin haykal boʻlgan joyga 2019-yil flagshtok oʻrnatilgan, unga Oʻzbekiston bayrogʻi ilingan.
Karmana temir yoʻl va avtomobil yoʻllari orqali Nukus, Urganch, Buxoro, Samarqand va boshqa shaharlar bilan bogʻlangan.
Karmana Buyuk ipak yoʻlida joylashgan Movarounnahrning qadimiy shaharlaridan biri boʻlib[3], uning nomi, bunyod boʻlishi, yillar davomida taraqqiy topishi haqida qiziqarli tarixiy maʼlumotlar, afsona va rivoyatlar mavjud[4].
„Karmana“ atamasi uch komponentli toponim hisoblanib, u soʻz bogʻlovchi suffiks morfema „kar“/„har“/„kal“, substrat oʻzak „man“/„min“ va nom yasovchi topoformant „a“ birikmasidan kelib chiqqan. Baʼzi tarixchilar atama morfemasi („kar“) xalq tilida „har“ baʼzida „kal“, „qal“ shaklida qoʻllanishi natijasida Buxoro vohasida „Xarkon“, „Xarqon“, „Xarjon“, „Qalqon“ kabi nomlar kelib chiqqan deb hisoblaydi[5].
„Karmana“ toponimidagi „man“ soʻzi sugʻdiycha boʻlib, „saroy“, „koshona“, „qarorgoh“ maʼnolarini anglatgan. Bu fikrga asoslangan tarixchilar toponimning asl shakli „Karmana“ emas, balki „Xarman“ yoki „Xarmana“ boʻlib, bu soʻz „katta saroy“, „hashamatli koshona“, „oliy qarorgoh“ maʼnolarini anglatishi haqida fikr bildirganlar[6].
Aytilishicha qadim vaqtlarda Karmanani „Bodyayi xoʻrdak“ („Dashtdagi koʻzacha“) deb ataganlar[4], arab tilidan olingan bodiya soʻzi ikki xil maʼnoni anglatadi, birinchi maʼnosi „koʻza“, „qumgʻon“ boʻlsa, ikkinchisi „dasht“, „biyobon“dir. Shundan kelib chiqib ayrim tarixchilar „Bodyayi xoʻrdak“ jumlasini „Kichik choʻl“, „Kichkina dasht“ maʼnosida qoʻllaydilar[7][8].
Karmana ayrim yozma manbalarda „Karmanaya“, „Karmina“ va „Xarimanakat“ („katta manzilli shahar“) shaklida ham uchraydi[9].
Ayrim tarixchilar „Karmana“ atamasi „Har-miyona“ jumlasidan olingan boʻlib, u sugʻdcha „har“ — katta, ulugʻ, „miyona“ — oʻrtasi („Katta yoʻlning oʻrtasi“) degan maʼnoni anglatishi haqida yozganlar[10].
Nomlanishiga oid afsonalar
Karmana nomlanishiga oid bir qancha afsonalar bizgacha yetib kelgandir. Afsonalardan birida aytilishicha, qadimda ushbu shahar beklaridan birining Amina ismli qizi kar boʻlib qoladi. Qizni eng yaxshi tabiblar ham davolay olishmaydi. Bir kuni bir tabib bekka qizingizni baland joyga oʻtqizib qoʻying, atrofiga koʻp odamlarni toʻplang, odamlar „kar Amina“, „kar Amina“ deb baqirsinlar, shunda qizingiz uyalganidan taʼsirlanib, qulogʻi ochilib ketadi, deb maslahat beradi. Bek tabib aytgan ishni qiladi, qiz bu tahqirdan taʼsirlanib, sogʻayadi, quloqlari eshita boshlaydi. Goʻyo, „kar Amina“ iborasi keyinchalik oʻzgarishga uchrab, „Karmana“ga aylanib ketadi[11].
Boshqa bir afsonaga koʻra, Iskandar Zulqarnayn (Aleksandr Makedonskiy) juda koʻp joylarni zabt etadi. Buxoro yerlariga kelganida Nurota togʻlari orqali Zarafshon daryosi tomonga kelayotib, baland qir ustidan daryo sohilidagi goʻzal, xushmanzara shaharni koʻrib, oʻz tilida „Karmeno“ deb yuborgan. Shundan soʻng joy nomi „Karmana“ deb atala boshlagan[12].
Yana bir afsonaga koʻra arab bosqini vaqtida arablar Zarafshon daryosi boʻyidagi shaharning suvi, tuprogʻi, tabiatini Armanistonga oʻxshatib, „Ka Arminita“ (boshqa manbaga koʻra „Ki-Armaniya“[9]) deyishgan, shundan soʻng bu jumla oʻzgarishga uchrab „Karmana“ shaklida saqlanib qolgan[12].
Bu afsonani Abdulkarim Samʼoniy „Kitob ul-Ansob“ asarida yozib qoldirgan[13].
Tarixi
Karmana — aholi yashaydigan qadimiy maskanlardan biri. Karmana va uning atrofidagi qishloqlar tarixi uzoq paleolit davriga borib taqaladi. 1999—2002-yillarda Burquttepa yodgorligini oʻrgangan arxeologlarning fikricha, Karmana Burquttepadan boshlangan[14]. Arxeologlar Burquttepa, Koʻkyoʻtaltepa, Raboti Malik, Koʻhna qoʻrgʻon va Karmana arkining qadimiy oʻrnida izlanishlar olib bordilar. Burquttepadan topilgan ashyolar miloddan avvalgi V—III asrdan boshlab, milodiy XIII asrgacha uzluksiz davom etgan. Keyingi davr ashyolari esa bu yerda uchramagan[15][16].
Burquttepa vayronaga aylanganidan soʻng hukmdorlarning qoʻrgʻonlari Zarafson daryosi qirgʻoqlarida qurilgan va atrofi devor bilan oʻralgan. Hozirda bu joy Koʻhnaqoʻrgʻon deb ataladi[17].
U hozirgi Karmana shahrining shimol tomonidan, Zarafshon daryosining janubiy sohilida qad koʻtargan. Qoʻrgʻonning maydoni 1—2 kvadrat kilometrni tashkil etgan[4].
Qadimiy Karmana shahri Burquttepaning shimoli-sharqidan boshlanib, Zarafshon daryosi qirgʻoqlarigacha choʻzilgan[17].
Shahar qoʻrgʻondevori paxsadan tiklangan boʻlib, uning uzunligi 11—12 km ni tashkil etgan. Devorning pastki qismi qalinligi 4,5—5 m, tepa qismi 50—60 sm, balandligi 9—10 m ni tashkil etgan. Qoʻrgʻondevorning tepasi kungurador, zirhli qilib ishlangan. Devorning mustahkamligini saqlash maqsadida har 50—60 m da toʻgarak shaklida burj qurilgan[17].
Karmana hududining qadimiy tarixi, ayniqsa, bu yerda dehqonchilik, chorvachilik yoki hunarmandchilik kabi kasb va xoʻjaliklarning yuzaga kelishi va taraqqiyoti, shaharsozlik madaniyatining shakllanishi tarixiga oid moddiy-madaniy obidalar hozirgi davrgacha yetib kelmagan. Yozma manbalarda keltirilgan bor maʼlumotlar esa, asosan, keyingi davrga — oʻrta asrlarga mansubdir. Buning ustiga ular gʻoyatda qisqa va uzuq-yuluq. Karmananing alohida shahar sifatida paydo boʻlishi va rivojlanishi fanda hali atroflicha oʻrganilmagan[3].
X asrga tegishli „Hudud ul-Olam“ nomli asarda Karmana Soʻgʻd shahriga qarashli obod joy sifatida tilga olingan boʻlsa, shu davrda yashagan mahalliy tarixchi Narshaxiy oʻzining „Buxoro tarixi“ asarida Karmanaga shunday taʼrif bergan:
Karmina Buxoro qishloqlari jumlasidan boʻlib, uning suvi Buxoro suvidan keladi; xiroji Buxoro xirojiga qo'shiladi. Uning o'ziga tegishli alohida bir qishloq ham bor: unda masjidi jomeʼ barpo etilgan, adib va shoirlar koʻp boʻlgan.
Bulardan maʼlum boʻlishicha, Karmana Buxoro vohasining dehqonchilik rustoqlari (tumanlari) qatoridan joy olgan. U Zarafshon daryosidan chiqarilgan alohida kanal orqali sugʻorilgan. Karmana rustogʻi ilk oʻrta asrlarda Buxoro vohasining 15 ta dehqonchilik rustoqlarini oʻrab oʻtgan qadimiy mudogaa inshooti — Kanpirak devoridan tashqarida joylashgan. Oʻrta asr yozma manbalarida bu tashqi rustoq Karmana, baʼzan esa Yasir nomlari bilan tilga olinadi. Rustoqning markazi ham Karmana nomi ostida shuhrat topgan.
Buxoro vohasining sugʻorma dehqonchilik yerlari Karmana hududidan boshlangan. Narshaxiyning taʼrificha, vohaning Zarafshon daryosidan bosh olgan sugʻorish tarmoqlaridan dastlabkisi Karmina anhori hisoblangan. Uni Narshaxiy katta anhor deb yozadi. IX—X asrlarda Buxoroning dehqonchilik yerlaridan toʻolangan xiroj soligʻidan tushgan har yilgi daromad Karmana yerlarini qoʻshib hisoblaganda, "1 million 166 dirham-u 5,5 donakni tashkil etgan". Keyinchalik Karmananing xiroji Buxoro xirojidan ajratilib alohida olingan.
XII asrda Karmana shahri xorazmshoh Elarslon (1156—1172) tomonidan vayron qilingan. Keyinchalik u qayta tiklanib, XV asrda yana yirik shaharga aylangan.
Shoʻrolar tuzumi davrida Karmana tarixi bir qadar unutilib, tarixiy va madaniy yodgorliklarga katta ziyon yetkaziladi[4].
Somoniylar davri
Somoniylar davrida Karmanada bir qator tarixiy obidalar qurilgan. Ulardan hozirgacha saqlanib qolgani Mir Said Bahrom maqbarasi hisoblanadi[18]. Bu davrda Karmana tarixi haqida yaxlit manbalar saqlanmagan boʻlsa-da, Tabariy, Ibn Havqal, Ibn Xoʻrdodbek, Istaxriy kabi sayyohlar, tarixchilarning asarlarida Karmana toʻgʻrisida muhim maʼlumotlar yozib qoldirilgan[19].
Moʻgʻul istilosi davri
XIII asrda Movarounnahr moʻgʻullar bosqiniga uchradi. Moʻgʻullarga qarshi bir necha marta xalq qoʻzgʻolonlari boʻlib oʻtdi. 1238-yilda Buxoroda boshlangan Mahmud Torobiy boshchiligidagi qoʻzgʻolonda Torobiy tarafdorlarining qoʻli baland kelganida moʻgʻul sarkardalari Karmanaga qochganlar[19].
Amir Temur va temuriylar davri
Amir Temur va temuriylar davrida Karmana obod joyga aylandi, hunarmandchilik rivojlandi. Baʼzi tarixchilar Amir Temurning ona avlodlari Karmana bilan bogʻliqligi haqida fikr bildiradilar[19].
Amirzoda Jahongir Buxoro viloyatiga yetib bordi. Amir Sohibqiron esa Raboti Malikka tushdi. Amirzoda Karmana mavzeida dushmanga yetdi. Yogʻiylar oʻzlarining barobar kelmasliklarini bilib, oʻzbek Mahmud Yalovoch huzurida panoh topdilar[20].
Shuningdek, Karmana haqida Temur va temuriylar davrida yashagan Alouddin Otamalik Juvayniy („Tarixi onaxonkushoy“), Rashididdin Fazlulloh („Jomeʼ at-Tavorix“) kabi tarixchilarning asarlarida ham maʼlumotlar keltirilgan[20].
Zahiriddin Muhammad Bobur Karmana va uning atroflarida boʻlganligi haqida bir necha tarixiy manbalar guvohlik beradi. Xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur „Boburnoma“da:
Karmana Buxoro va Samarqand oʻrtasida joylashgan viloyatdir
Shayboniylar davrida yozib qoldirilgan koʻplab tarixiy asarlarda Karmananing Shayboniylar boshqaruvi davridagi tarixiy evrilishlarda tutgan oʻrni haqida turli maʼlumotlar saqlanib qolgan.
Abdullaxon IIBaroqxon, Sayyid sulton va Bobo sulton bilan qilgan janglaridan keyin aynan Karmana muhim tayanch punktiga aylanadi, shayboniy sultonlarining toj-taxt uchun kurashlarida Karmana muzokaralar olib boradigan joy vazifasini oʻtaydi[23].
Shunigdek, Muhammadiyor ibn Arab Qatagʻonning „Musaxxir al-bilod“ asarida 1551-yilgi Abdullaxon II, Baroqxon va Abdullatifxon oʻrtasidagi janglar sulh bilan yakunlangani, sulh muzokaralari aynan Karmana shahrida boʻlib oʻtgani bayon qilingan[24].
Ubaydullaxon hukmronligi davrida barcha viloyatlar uning oʻgʻillari va yaqinlariga taqsimlab berilgan edi. Karmana va Miyonqol bekligi Muhammad ibn Abulxayrxonning oʻgʻli Jonibek Sultonga berilgan. Jonibek Sulton Karmanani katta oʻgʻliga, Miyonqolni esa kichik oʻgʻli Iskandarxonga bergan. 1528-yil Jonibek Sulton vafot etgach, uning oʻgʻillari oʻrtasida viloyat uchun talashuvlar boshlanib ketdi[25].
Navroʻz Ahmadxonning birlashgan qoʻshinlari Karmanaga hujum qilgan paytda Iskandarxon Amudaryo tarafga qochadi. Iskandarxonning oʻgʻli Abdullaxon II jangga kirishib, gʻolib chiqadi. Abdullaxon II Navroʻz Ahmadxonning vafotidan soʻng Karmanadan to Shahrisabzgacha boʻlgan yerlarda oʻz hukmronligini oʻrnatadi. Otasi Iskandarxonni yana Karmanaga hokim etib tayinlaydi[25].
Abdullaxon II ga xalqqa muruvvat qilish, janglarda vayron boʻlgan shahar va qishloqlarni obodonlashtirish, mamlakatda savdo-sotiqni rivojlantirish borasida kerakli maslahatlarni karmanalik Qosim Shayx Azizon berib turgan[26].
Mir Izzatullohning yozishicha, toʻrtburchak shaklidagi geografik koʻrinishga ega boʻlgan Karmana qalʼasi Abdullaxon II davrida qurilgan[27].
Ashtarxoniylar davri
Tarixchi Abdurahmon Toleʼ„Tarixi Abulfayzxon“ asarida XVIII asrda nufuzli beklardan biri Farhodbiy bilan Abulfayzxon oʻrtasida boʻlgan janglarda Karmana muhim harbiy istehkomga aylangani haqida yozib qoldirilgan. Abulfayzxon hukmronligi davrida (1711—1747) Karmanada 1717-yildan Niyozxoʻja Qatagʻon, 1719-yildan Bekoʻgʻlibiy, 1720-yildan Abulkarim hokim boʻlganliklari haqida maʼlumotlar berilgan[28].
Ashtarxoniylar davrida Karmanaga eʼtibor ancha susaygan. Abdullaxon II tomonidan qurdirilgan imoratlar taʼmirtalab holga kelgan[29].
Mangʻitlar davri
Mangʻitlar sulolasi hukmronligi davrida Muhammad Rahimxon (1753—1756) mamlakatni siyosiy jihatdan markazlashtirish ishlari avj oldi. Bunga qarshi boʻlgan hokimlar vaqti-vaqti bilan qoʻzgʻolonlar uyushtirib turdilar[30].
1759-yil — Amir Doniyolbiy hukmronligi davrida Karmana hokimi Naqib Muhammad Aminxoʻja va Nurota hokimi Parvonachi Yodgor boshchiligida Buxoro hukmronlarining siyosatiga qarshi isyon koʻtarildi. Doniyolbiy qoʻshin yuborib, isyonchilarga qarshi qattiq zarba berdi. Karmana va uning atrofi Buxoroga qayta qoʻshib olindi[31].
1786-yil — Amir Shohmurod davrida Karmana xalqi, oqsoqollar va atrof qishloq aholisi Buxorodan mustaqil boʻlish maqsadida qoʻzgʻolon koʻtardi. Qoʻzgʻolon Qalqonota, Hazora, Nurotagacha tarqaldi. Amir Shohmurod bu qoʻzgʻolonni katta qoʻshin bilan bostirdi[31].
XVIII asr ikkinchi yarmi va XIX asr oʻrtalarida yer egalariga koʻp soliq solinar, ayniqsa urush paytlarida qoracherik soligʻi olinardi. Bu soliqqa qarshi bir necha bekliklarda, xususan Karmanada xalq qoʻzgʻaldi. Bu isyonlardan vahimaga tushgan Amir Haydar Karmana begi Said Ahmadxoʻjaga shunday maktub joʻnatadi:
Siz Qiyiqchi jamoasidan qoracherik berishni talab qilibsiz. Karmana fuqarolari qoracherik olingani uchun turli qurollar bilan chiqib isyon koʻtarganlar. Karmana va uning atroflaridagi qoʻzgʻolon va noroziliklarni bartaraf qiling! Viloyatning aholisini va urugʻlarining miqdorini toʻgʻri hisoblang! Karmanadagi aholi va elatlar besh yuzta qoracherik berishlari zarur. Ularni oilalar hisobiga toʻgʻri taqsimlab chiqing[32].
Oʻzbek hukmdori Amir Abdulahadxon (1885—1910) davrida Karmana shahri Buxoro amirligining ikkinchi poytaxti edi[33]. Uning davrida Karmanada Asqarobod, Charmgar chorbogʻ, Jar chorbogʻ, Gul chorbogʻ, Bogʻiolchin, Xayrobod, Mirza chorbogʻ kabi saroy va chorbogʻlar qurilgan[34].
Abdulahadxon davrida Karmana Buxoro amirligining norasmiy poytaxti maqomida boʻlgan. Bu davrda Karmananing ijtimoiy-siyosiy mavqei bir qadar ortgan[35].
Bolsheviklar davrida
Karmanada 1,7 km² li toʻrt burchakli oʻrda ham boʻlgan. Shahardagi obidalarning koʻpi Avliyoqul devonbegi va bolsheviklar oʻrtasida boʻlgan janglar oqibatida bolsheviklar tomonidan buzib yuborilgan[36].
1918-yil bolsheviklar tomonidan Buxoroni bosib olish harakatlari oqibatida Karmanada koʻplab mahalliy aholi va mangʻitlar sulolasi vakillari qirilib ketdi.
Fizik-geografik xarakteristika
Geografik joylashuvi
Karmana tabiatan choʻl hududida, Qizilqum sahrosining janubi-sharqiy qismida joylashgan. Karmana shimolidan Zarafshon daryosi oqib oʻtadi. Karmanadan Toshkentgacha boʻlgan masofa 506 km. Eng yaqin katta shahar — Navoiy (3 km).
Relyefi
Karmana choʻl va daryo vohasi hududida joylashgan, relyefi asosan tekislikdan iborat.
Iqlimi
Karmana iqlimi keskin kontinental boʻlib, yoz oylari quruq va issiq, qish oylari quruq va sovuqdir. Yoz oylarida Karmanaga quruq va issiq havo asosan Eron, Turkmanistondan keladi, bahorda Markaziy Rossiya, Qozogʻistondan nam havo massasi kelishi holatlari ham uchraydi. Bahor va kuzda yomgʻirlar koʻp yogʻadi, yozda yogʻingarchilik deyarli kuzatilmaydi. Qishda qor koʻp yogʻmaydi. Yozda Karmanada anomal issiqlik kuzatilishi mumkin. Eng sovuq oy — fevral, eng issiq oy — iyul.
Karmana sanoatlashgan Navoiy shahriga juda yaqin joylashganligi va Karmana shaharchasi yaqinida bir nechta issiqlik elektr stansiyalari joylashganligi sababli Karmana havosi ancha ifloslangan, havoda toksik zararli moddalar koʻp[38].
Maqomi
Karmana shaharchasining xaritasi
Karmana 2003-yil 12-dekabrda Navoiy shahri tarkibidan chiqarilib, unga shaharcha maqomi berilgan[1], Karmana shaharchasi maʼmuriy jihatdan Karmana tuman hokimligi tomonidan nazorat qilinadi ammo bir necha oʻrinlarda Karmana shaharchasida joylashgan obyektlar de-jure Navoiy shahriga tegishli hisoblanadi, jumladan quyidagilar:
Karmana shaharchasi hududida joylashgan sobiq Navoiy pedagogika va xizmat koʻrsatish kolleji (eski nomi: Navoiy pedagogika kolleji)[39];
Karmana shaharchasi markazida joylashgan (Toshkent koʻchasi) „Navoiy avtoshohbekat“.
Bundan tashqari, viloyat miqyosida ish yurituvchi Navoiy viloyat Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi Karmana shaharchasi hududida joylashgandir[40].
Madaniyati
Muzey
Karmana shaharchasining janubiy qismida Navoiy viloyat tarixiy-oʻlkashunoslik muzeyi joylashgan boʻlib (1992-yil tashkil etilgan), uning ekspozitsiyasi Karmana shaharchasi va yondosh hududlardan topilgan osori-atiqalar (qadimiy pichoqlar, xanjarlar, kiyimlar, koʻzalar, xumlar, kashta va b.), Karmana atrofida yashovchi hayvonlarning qotirilgan nusxalari, mahalliy rassomlarning asarlarini oʻz ichiga oladi.
Kinoteatr
SSSR davrida Karmanada „Zarafshon“ deb nomlangan kinoteatr boʻlgan, u Oʻzbekiston mustaqilligining ilk yillarida ham ishlagan ammo keyinchalik kinoteatr binosi xususiy tadbirlorlarga berilgan.
Madaniy meros yodorliklari
Karmana shaharchasi qadimiyligi bilan mashhur boʻlsa-da, shaharchada tarixiy diqqatga sazovor joylar juda kam saqlangan. Karmana tumanida saqlanib qolgan 44 ta moddiy va madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlaridan 5 ta arxitektura yodgorligi, 1 ta monumental sanʼat yodgorligi va 1 ta diqqatga sazovor joy Karmana shaharchasida joylashgan[41].
Oʻzbekiston madaniy merosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan Karmana shaharchasida joylashgan yodgorliklar roʻyxati[41]
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq: Davlat mulki. Navoiy viloyati madaniyat boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida. Vaqf xayriya jamoat fondiga tekin foydalanish shartnomasi asosida biriktirilgan.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq: Davlat mulki. Navoiy viloyati madaniyat boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida. Vaqf xayriya jamoat fondiga tekin foydalanish shartnomasi asosida biriktirilgan.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq: Davlat mulki. Navoiy viloyati madaniyat boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida.
Karmanadagi eng mashhur va diqqatga sazovor joy — shaharchaning janubida joylashgan Qosim Shayx majmuasi hisoblanadi, bu yerga turli mamlakatlardan turistlar ham kelib turadi. Bugungi kunda majmua tarkibiga Qosim Shayx xonaqohi (hozirda jomeʼ masjid sifatida foydalaniladi; XVI asrda qurilgan), Qosim Shayx daxmasi (XVI asr) va Abdulahadxon daxmasi (1910–1911) kiradi.
Karmananing yahudiylar mahallasi oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. U tor koʻchalar va tigʻiz joylashgan hovlilardan tashkil topgan boʻlib, bugungi kunda u yerda yahudiylar juda kam qolgan. Hozirda mahallada asosan oʻzbeklar yashaydi. Karmanadagi yahudiylar yashagan mahalla xalq tilida „juguton koʻcha“, „jugut mahalla“ deyiladi.
Karmana matbuot uyi XX asr boshlarida qurilgan binodir, hajmi kichik boʻlsa-da eshik va derazalarining ustki qismi Romanovlar davrida Toshkentda qurilgan saroylar uslubida tiklangan. Binoda oʻz vaqtida „Karmana ovozi“ gazetasi tahririyati faoliyat yuritgan, bugungi kunda bu bino tadbirkorlarga sotilgan boʻlib, xaroba ahvolda saqlanmoqda. Mazkur bino madaniy meros obyektlari roʻyxatiga kiritilmagan.
Qabristonlar
Sulton Soʻfi qabristoninig darvozasi
Xoʻja Xisrav qabristonining asosiy darvozasi
Qosim Shayx qabristoniga kirish eshiklari
Yahudiylar qabristonining darvozasi
Polyak harbiy asirlari qabristoni
Karmana shaharchasi ichida 5 ta qabriston mavjud. Tarixda qabristonlar soni koʻproq boʻlgan. Hozirda mavjud ayrim qabristonlar ham ancha keng boʻlgan. Karmananing markaziy qismida joylashgan, Mir Said Bahrom maqbarasi yonida boʻlgan Mir Said Bahrom qabristoni 1965—1970-yillarda tekislab yuborilgan. 1970-yillarda Qosim Shayx qabristonining gʻarbiy qismi (taxminan yarmi) tekislanib, oʻrniga asfalt yoʻl, kottejlar, hovlilar, pillachilik zavodi, hammom (keyinchalik oʻlkashunoslik muzeyiga aylantirilgan) qurilgan.
Karmana shaharchasidagi qabristonlardan ikkitasi hozirda oʻz faoliyatini toʻxtatgan yaʼni ularga mayit koʻmilmaydi. Qabristonlar: Sulton Soʻfi qabristoni (Karmananing eng shimoliy qismida, „Koʻhnaqoʻrgʻon“ mahallasidan joy olgan qabriston. Zarafshon daryosi boʻyida joylashgan), Xoʻja Xisrav qabristoni (Karmananing janubiy qismida, „Argʻun“ mahallasida joylashgan qabriston. Xalq orasida bu qabristonni „Argʻun mozor“, „Eroni mozor“ deb atashadi), Qosim Shayx qabristoni (Karmananing janubiy qismida, „Xoʻja Xisrav“ mahallasida joylashgan qabriston. Qosim Shayx tarixiy majmuasiga tutashib ketgan. Karmanadagi eng katta qabriston hisoblanadi), Yahudiylar qabristoni (Karmananing janubiy qismida, Qosim Shayx qabristoninig ham janubi-gʻarbiy tomonida joylashgan qabriston. Yahudiylar qabristonini Qosim Shayx qabristoni bilan bir devor ajratib turadi. Bu qabriston hozirda oʻz faoliyatini toʻxtatgan), Polyak harbiy asirlari qabristoni (Karmananing janubiy qismida, „Xoʻja Xisrav“ mahallasida joylashgan. U Karmanadagi eng kichik qabriston hisoblanadi, hozirda qabristonga mayit qoʻyilmaydi).
Galereya
Qosim Shayx qabri (orqada Qosim Shayx jomeʼ masjidi koʻringan, XVI asr)
Mir Said Bahrom maqbarasi (X-XI asrlar)
Karmana yahudiylar mahallasi (2022-yil)
Karmanadagi matbuot uyi, hozirda xarobaga aylangan (2022-yilgi holati)
„Navoiy avtoshoxbekat“, Karmana shaharchasi (2022-yil olingan surat)